TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Kreml AQSh prezidenti Jo Baydenning Rossiya bilan muzokaralarni boshlash uchun qo‘ygan shartlarini qabul qilib bo‘lmaydi degan fikrda. RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday bayonotni e’lon qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
“Aslida, prezident Bayden shunday dedi: muzokaralar Putin Ukrainani tark etganidan keyingina bo‘lishi mumkin. Mana u nima dedi”, - deydi rasmiy.
Uning ta’kidlashicha, Kreml bunga tayyor emas va maxsus harbiy operatsiya, albatta, davom ettiriladi.
Vashington Rossiya tarkibidagi yangi hududlarni tan olmayapti, bu esa o‘zaro muzokaralar uchun umumiy asos izlashni “sezilarli darajada murakkablashtirapti”, deydi Peskov.
Kreml vakilining qo‘shimcha qilishicha, “maqsadlarimizga erishish uchun prezident Putin hamma bilan muzokaralar olib borishga ochiq bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”.
“Albatta, bizning manfaatlarimizga erishishning eng afzal yo‘li tinch diplomatik vositalardir”, - deydi prezident matbuot kotibi.
Bir kun avval Bayden Putin bilan hech qanday aloqa o‘rnatishni rejalashtirmaganini, biroq agar Rossiya rahbari Ukrainadagi mojaroga barham berishdan “manfaatdorligini ko‘rsatsa” buning imkoni borligini aytdi. Shu bilan birga, Amerika prezidenti har qanday muloqot AQShning NATO bo‘yicha hamkorlari bilan bamaslahat amalga oshishi mumkinligini ta’kidladi.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Rossiya muloqotdan qochmayapti, biroq hozircha arzigulik takliflarni eshitmadi.
Rossiya 24-fevraldan buyon Ukrainada maxsus harbiy operatsiya olib bormoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning asosiy vazifasini “Kiyev rejimi tomonidan sakkiz yil davomida tahqirlash, genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Mamlakat Qurolli kuchlari oldida Donbassni ozod qilish va Rossiya xavfsizligini kafolatlash turibdi.
Maxsus operatsiya ortidan AQSh va uning NATO bo‘yicha ittifoqchilari milliardlarcha dollar sarflab, Kiyev rejimini qurol-yarog‘ bilan ta’minlab kelmoqda. Moskva G‘arb qurol-yarog‘larining yetkazib berilishi mojaroni cho‘zishi, qurol ortilgan transport esa Rossiya armiyasining qonuniy nishoniga aylanishini bir necha marta takrorlagan.