Xizmat vaqtida vafot etgan IIB xodimlari soni ma’lum bo‘ldi

IIV xodimlarining xizmat vazifasini o‘tash vaqtida vafot etishi va turli jarohatlar olish holatlari uchramoqda. Qonunchilikda bunday hollarda qanday imtiyozlar belgilangan?
Sputnik
TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Yil boshidan buyon 300 ga yaqin ichki ishlar xodimlari xizmat vazifasini o‘tash vaqtida jarohatlangan, 16 nafari vafot etgan, bu haqida AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum bo‘ldi.
"2022 yilning 10 oyida ichki ishlar organlarining 25 nafar xodimi vafot etgan, jumladan, 9 nafari yo‘l-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari xizmat vazifasini bajarish vaqtida.
Shuningdek, ichki ishlar organlarining 284 nafar xodimi turli darajada tan jarohati olib, aksariyati olgan tan jarohati oqibatida orttirilgan nogironlik holati yoki xizmatga yaroqsizligi sababli, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan", - deyilgan IIV ma’lumotida.
Brifingda, jarohatlangan va qurbon bo‘lgan xodimlar va ularning yaqin qarindoshlarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham oydinlik kiritildi.
Xususan, prezidentning 7 va 118-sonli farmonlarga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, xizmat vazifasini o‘tash vaqtida vafot etgan yoki nogironlik olgan xodimlar va ularning yaqin qarindoshlari uchun quyidagi imtiyozlar belgilangan:
betob xodimlar davolanishi, xodimning betob yaqin qarindoshlarini operatsiya qildirish, ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash, sanatoriy-kurort muassasalarida davolanish va dam olish;
uy-joyga ega bo‘lish yoki yashash sharoitini yaxshilash, to‘ylar va dafn marosimlarini o‘tkazish, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar berish;
20 yil va undan ko‘p ishlagan xodimlarga sog‘lig‘ini tiklash uchun bir martalik kompensatsiya to‘lash;
xizmatdan bo‘shatilgandan boshlab 36 oy davomida sobiq xodimning ichki ishlar organlaridagi xizmat vazifalarini bajarganligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra hayoti va sog‘ligiga zarar yetkazilgan taqirda, bir martalik pul kompensatsiyasi to‘lash:
vafot etganda – BXMning 500 baravarigacha;
o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir jarohat yetkazilganda – BXMning 300 baravarigacha berilishi kabi imtiyozlar joriy etildi.
Undan tashqari, ijtimoiy ta’minot faoliyati shaffofligini ta’minlash, xodimlarning ushbu masalalardagi murojaatlarini onlayn qabul qilish, ortiqcha ovoragarchiliklar oldini olish maqsadida elektron dastur yaratilgan.