TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Tojikiston turizmni rivojlantirish borasida O‘zbekiston tajribasini o‘rganmoqda. Bu haqida Tojikiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Tojiddin Jo‘razoda ma’lum qildi.
Turizim va madaniy me’ros vaziri Aziz Abduhakimov “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etayotgan Tojikiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Tojiddin Jo‘razoda bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Bitta tur – butun hudud” dasturi asosida Markaziy Osiyoni xorijiy bozorlarda yagona turizm maskani sifatida targ‘ibot qilish o‘z samarasini berayotgani va ushbu yo‘nalishdagi ishlarni kengaytirish lozimligini qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida keyingi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan alohida ko‘rgazma tashkil etish maqsadga muvofiqligi bildirildi.
“Bu nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun Markaziy Osiyo uchun tarixiy hodisadir. Shuning uchun biz o‘zbekistonlik birodarlarimiz bilan yelkama-yelka turib, Bosh assambleya muvaffaqiyatli o‘tishi uchun bor kuchimizni safarbar qilishga tayyormiz”, - deydi Jo‘razoda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Tojikistonda turizm sohasida qator islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda hududda turizm sohasida yetakchi bo‘lgan O‘zbekistonning tajribasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, turizm sohasida davlat boshqaruvi, mehmonxona va boshqa turdagi joylashtiruv vositalari, sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xizmatlar sifatini oshirish mexanizmlari, kadrlarni tayyorlash tizimi yaqindan o‘rganilmoqda.
Tomonlar quyidagilarga kelishib olishdi:
Qo‘shma turistik yo‘nalishlar bo‘ylab ikki tomon mutaxassislarini jalb qilgan holda ekspeditsiya tashkil etish;
Turizm ta’limi va hunarmandchilik sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish;
Talabalar almashinuvi va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish;
Infoturlar tashkil etish.
Eslatib o‘tamiz, kecha Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTYa) boshlandi. Ko‘rgazma doirasida respublika hududlari o‘zlarining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston xalq hunarmandchiligi ko‘rgazmasi ham ochildi. TXTYa -2022 xalqaro ko‘rgazmasi 2-dekabrga qadar davom etadi.