TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Sankt-Peterburg shahar Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi va Toshkent shahar Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Bu haqida Sputnik muxbiri xabar berdi.
Hamkorlik shartnomasi “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida imzolandi.
“Kelishuv doirasida turizm industriyasi subyektlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, guruh va individual turlar tashkil etishga ko‘maklashish, professional kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarida o‘zaro hamkorlik qilish, shuningdek, marketing va mehmondo‘stlik sanoati mahsulotlarini ilgari surish sohasini rivojlantirish ishlari olib boriladi”, deydi Sankt-Peterburg vakili Mariya Pomazanova.
Bu yil yarmarka homiylar ko‘magida ilk bor o‘tkazilmoqda. Sankt-Peterburg ko‘rgazma hamkorlaridan biriga aylandi.
Yarmarkada Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasi, xorijiy va xalqaro sayyohlik tashkilotlari va agentliklari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi 15 dan ortiq davlatning milliy stendlari ishtirokida xalqaro ko‘rgazma tashkil etildi.