O‘zbekiston va Rossiya sherikchiligi samaradorlik va sermahsullik namunasi – Xodjayev

Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri O‘zbekiston va Rossiya so‘nggi yillarda keng qamrovli xususiyatga ega bo‘lgan strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qat’iy sodiqligini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya sherikchiligi samaradorlik va sermahsullik namunasi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi zamonda o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tkazilayotgan O‘zbekiston-Rossiya biznes forumi nafaqat o‘z vaqtidagi va dolzarb, balki ikki mamlakatning so‘nggi yillarda keng qamrovli xususiyatga ega bo‘lgan strategik hamkorligini yanada chuqurlashtirishga qat’iy sodiqligidan ham dalolat beradi.
“Bugun O‘zbekiston va Rossiya sherikchiligi samaradorlik va sermahsullik namunasidir”, - dedi vazir Samarqanddagi O‘zbekiston-Rossiya biznes forumida nuqt so‘zlayotib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash 170 foizga o‘sgan. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, yana uchdan bir qismga oshgan va rekord darajadagi ko‘rsatkich 7,5 milliard dollardan oshib ketgan. Uni 10 milliard dollarga yetkazish rejada bor.
Xodjayev ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida mamlakatda Rossiya investitsiyalari ishtirokida 700 ta yangi korxona tashkil etilgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiya kompaniyalari bilan birgalikda neft-kimyo, energetika, kon metallurgiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qiymati 20 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 200 ga yaqin loyihalar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda O‘zbekiston - Rossiya biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum ishtirokchilari transport-logistika, sanoat loyihalari, savdo-iqtisodiy hamkorlik, kichik va o‘rta biznes o‘rtasidagi hamkorlik kabi masalalarni muhokama qiladi.