TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Bugungi kunda, O‘zbekistonda aholi bilan muloqotning sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimi joriy etilmoqda. Tajriba sifatida Toshkent viloyatining og‘ir hududlaridan biri bo‘lgan Oqqo‘rg‘on tumani tanlab olindi. Prezident administratsiyasi xabariga asosan.
Ayni damda prezident maslahatchisi G‘ofirjon Mirzayev boshchiligidagi 24ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat ishchi guruh 4ta sektor kesimida tumandagi 29ta mahallada faoliyat olib bormoqda, - deyiladi xabarda.
Ishchi guruh tuman hududini mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishmoqda. Shuningdek aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini o‘rganib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini ko‘rmoqda.
Xususan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz yashayotgan va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning muammolarini hal qilinmoqda.
“Mas’ullar, ishchi guruhi a’zolari bevosita chekka hududlardagi qishloqlarda tunab, o‘sha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollari bilan aholida mavjud muammolar xususida muhokamalar o‘tkazib, joyida yechim izlashmoqda”, deyiladi xabarda.
Oqqo‘rg‘on tumanining quyidagi mahallalaridagi 920ta xonadon va 15ta ijtimoiy soha obyekti o‘rganildi:
Xususan “Yoshlik”, “Madaniyat”, “Jag‘alboyli”, “Suvti”, “Qo‘shtamg‘ali”, “Mustaqillik”, “Xonobod”, “Eltamg‘ali”, “Sulton Segizboyev”, “Tolovul” mahallalarida aniqlangan 547ta masalaning 76tasi hal qilindi va 471ta masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Prezident maslahatchisi boshchiligidagi ishchi guruh
© O‘zbekiston respublikasi prezidenti Administratsiyasi
Ta’kidlanishicha, tumanning “Mustaqillik” mahallasida yashovchi 70 yoshli og‘ir ijtimoiy ahvoldagi Vladimir Vatchinin davolanishi uchun Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasiga yotqizildi. Shuningdek, “Madaniyat” mahallasidagi A. Mamazoitov xonadoniga 40 metr quvur tortilib, tabiiy gaz ta’minotiga ulab berildi.
Prezident maslahatchisi boshchiligidagi ishchi guruh
© O‘zbekiston respublikasi prezidenti Administratsiyasi
Hududda tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik natijasida ambulator sharoitdagi 36 nafar bemor kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlandi.
Prezident maslahatchisi boshchiligidagi ishchi guruh
© O‘zbekiston respublikasi prezidenti Administratsiyasi
“Mustaqillik” mahallasidagi eskirgan simog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilayotgan bo‘lsa, “Yoshlik” mahallasi Zamahshariy ko‘chasidagi suv quvurlari ta’mirlanmoqda.
Quyidagi masalalarni kelgusi yil dasturlariga kiritish belgilandi:
“Suvti” mahallasidagi yaroqsiz ko‘prik ta’mirlanishi bilan kamida 400 nafar aholini o‘ylantirayotgan tizimli masala hal qilinadi;
“Xonobod” mahallasidagi 1960-yilda qurilgan 450 o‘rinli 9-sonli maktabga qo‘shimcha bino quriladi;
“Madaniyat” mahallasidagi 22-, 27-, 47-, 50-sonli maktablarni, ayniqsa, 50-maktabning achinarli ahvoldagi sport zali rekonstruksiya qilinadi, mahallalarning qishda loy, yozda chang ko‘chalari ta’mirlanadi;
“Qo‘shtamg‘ali”dagi 500ta yaroqsiz simog‘ochlar beton ustunlarga almashtiriladi.
Ishchi guruh Oqqo‘rg‘on tumanida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.