Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi o‘zbek tiliga tushunuvchi chat-bot yaratdi

Ilmiy ishlanma korxona va tashkilotlarning chatlarida mijozlar so‘rovlarini qayta ishlash, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, xodimlar samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.
Sputnik
TOShKENT, 30 noya — Sputnik. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti ilmiy xodimi Ro‘zmat Safarov sun’iy intellektga ega noyob chat-bot yaratdi.
Smart Chatbot loyihasi - bu tijorat va davlat tashkilotlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tezlashtirish, navbatda turishning oldini olish va mijozlarga 24/7 xizmat ko‘rsatish uchun sun’iy intellektga asoslangan aqlli chat-bot tizimi.
“Tabiiy tilni qayta ishlash sohasida izlanishni boshladim va har qanday tajriba uchun o‘zbek tilining korpusi zarurligini angladim. Guruh a’zolarimiz bilan birgalikda maqolalardan foydalangan holda o‘zbek tilining korpusini yaratdik”, dedi Ro‘zmat Safarov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
Ishlab chiqish guruhiga loyiha rahbari Rifqat Rahimov, sun’iy intellektni ishlab chiquvchi Ro‘zmat Safarov va dasturiy ta’minot ishlab chiquvchisi Samariddin Qo‘shmurodov kirdi.
Ilmiy ishlanma korxona va tashkilotlarning chatlarida mijozlar so‘rovlarini qayta ishlash, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, xodimlar samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.
Hozirda chat-bot rus, ingliz va o‘zbek tillarida test rejimida ishlaydi.
Kelgusida undan davlat test markazi tizimi, vazirliklar, tibbiyot muassasalari, mobil aloqa kompaniyalari, internet do‘konlarda foydalanish mumkin.