TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Buxoro viloyat sudida joriy yil iyul oyi boshida Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Bugun, 30-noyabr kuni sudyalar yetti nafar gumondor: Lolagul Qallixonova, Nurlan Nayipov, Dauletmurat Jiyemuratov, Saiipnazar Kalimov, Po‘lat Nurniyazov, Arislan Temirxonov va Berdax Genjebayevning ko‘rsatmalarini tingladilar.
Ularga qo‘yilgan ayblovlar orasida: tartibsizliklarga chaqiruvchi materiallar tarqatish, bu tartibsizliklarda qatnashish va tanaga shikast yetkazish kabilar bor.
Bundan oldin ularning barchasi o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarga to‘liq rozi ekanini bildirgan edi. Bugun esa ular o‘z pozitsiyalarini tasdiqladilar.
Xususan, Makan internet-nashrining sobiq ma’muri Lolagul Qallixonova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mitingda ishtirok etishga chaqiruvchi videoni joylashtirgani, chunki Dauletmurat Tajimuratov miting o‘tkazish uchun barcha zarur ruxsatnomalarni olganiga ishonchi komil bo‘lganini aytdi.
“Biz juda katta xatoga yo‘l qo‘ydik, o‘z yurtimizga tosh otdik”, - deydi Lolagul Qallixonova qilmishidan pushaymon bo‘lib.
Uning ta’kidlashicha, Tajimuratov uni yo‘ldan ozdirgan, biroq uning harakatlari odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Uning sud jarayonida aytishicha, har bir insonning tartibsizliklar paytida o‘limi uning vijdoniga bog‘liq va hech qanday qamoq jazosi bu xatti-harakatlarni oqlay olmaydi.
U o‘zini ularning o‘limida aybdor deb hisoblaydi va o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni to‘liq tan oladi.
Avvalroq sudlanuvchilarning har biriga qo‘yilgan ayblovlar ro‘yxatini e’lon qilgan edik. Ular orasida – tartibsizliklar uyushtirish, tartibsizliklarga chaqiruvchi materiallarni tarqatish, tartibsizliklarda qatnashish, badanga shikast yetkazish va boshqa ayblovlar bor.
Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 20 kishi qamoqqa olingan, bir kishi uy qamog‘ida, yana biri esa “jamoa kafilligi” evaziga ozod qilingan.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar chog‘ida 18 kishi halok bo‘lgan, 243 kishi yaralangan, 516 kishi hibsga olingan, jumladan, chet el fuqarolari ham bor. Mamlakat Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining “Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz” moddasi bo‘yicha 14 kishi hibsga olingani haqida xabar bergan. 4 iyul kuni O‘zbekiston parlamenti namoyishchilar talab qilganidek, Qoraqalpog‘istonning suverenitetini nazarda tutuvchi maqomini saqlab qolishga qaror qildi.