TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida “Mohir aloqachi” ko‘krak nishoni va “O‘z kasbining ustasi” belgisi ta’sis etildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar qilindi.
Qarorga ko‘ra:
“Mohir aloqachi” ko‘krak nishoni bilan – axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan hamda sohada kamida 15-yil mehnat stajiga ega fuqarolar;
“O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan – axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan muhandis, elektromontor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feldyeger kabi ommaviy kasb egalari sohani rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlar ko‘krak nishoni hamda “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 aprelgacha vazirlikka taqdim etadi.
Ko‘krak nishoni hamda “O‘z kasbining ustasi” belgisi har yili 7-may – aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida topshiriladi.
Taqdirlanganlarga BHMning 4,5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Mazkur ko‘krak nishoni va belgi bilan bir shaxs bir marta mukofotlanadi.