Poytaxtning aholi gavjum hududlarida 170 ta "mini-poliklinika" ochiladi

“Toshkent tajribasi” loyihasi olti oydan keyin sarhisob qilinib, mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Toshkent shahrining aholi gavjum hududlarida 170 ta “mini-poliklinika” ish boshlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu “Toshkent tajribasi” loyihasi tibbiyotni har bir xonadongacha yaqinlashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida ishlab chiqilgan.
Loyiha doirasida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 10 800 ta ko‘p qavatli uy joylashgan mahallalar hududida 170 ta mahalla tibbiyot punktini barpo etish va 540 ming nafar aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsad qilingan.
“Mazkur loyihaga Yunusobod tumani tajribasi asos qilib olindi. Tumanning Sobirobod mahallasida o‘rnatilgan tibbiy konteynerda ish olib borayotgan mahalla tibbiyot punkti faoliyatini ko‘rib chiqdik. Aholi bu tashabbusdan minnatdor. Bu “mini-poliklinikada” bitta tibbiy brigada faoliyat olib borapti”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov.
Barcha zarur dori-darmonlar, kerakli tibbiy buyumlar, jumladan, EKG va kislorod balloni kabi uskunalar bilan jihozlangan, ikkita koykali, soat 8:00dan 20:00 gacha ishlovchi “kunduzgi statsionar”ga ega “kichik shifoxona”da umumiy amaliyot shifokori va 2 nafar hamshira aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
“Bunday mahalla tibbiyot punktlari dispanser nazoratida turgan qariyalar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda umumiy amaliyot shifokoriga katta yengillik beradi. Hamshiralarga shifokoroldi tibbiy ko‘riklar uchun qulaylik yaratadi. Aholini esa oddiy ko‘riklar uchun ham poliklinikaga qatnash ovoragarchiliklaridan xalos qiladi”, deyiladi SSV xabarida.
Loyiha doirasida yil oxiriga qadar 40 ta konteyner jihozlanib poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli poliklinika va 70 ta oilaviy poliklinika ixtiyoriga topshiriladi.
Ular poytaxtning aholi gavjum bo‘lgan ko‘p qavatli uylari yoniga o‘rnatilishi mo‘ljallangan. Kelgusi olti oyda esa 170 ta ana shunday mahalla tibbiyot punkti poytaxt aholisiga xizmat ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, “Toshkent tajribasi” loyihasi doirasida:
poytaxtdagi 579 ta mahalla fuqarolar yig‘ini idoralarida “Salomatlik maktablari” tashkil etish;
sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan va bu borada yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirish;
telemeditsina yordamida hamshiralar orqali bemorlarni mutaxassislar bilan bog‘lash maqsadida “onlayn patronaj” xizmatini joriy etish ham ko‘zda tutilmoqda.
Poytaxtda pilot tarzida amalga oshiriladigan loyiha olti oydan so‘ng, natijalari tahlil qilingan holda, mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 25-aprel kuni Prezidentning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Unda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda 2022-yil davomida mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish belgilangandi.