TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi” g‘oyasi birinchi bosqichda, ehtimol, ma’lum bir yuridik shaxs bilan muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish imkoniyatini nazarda tutadi, ammo bu kabi masalalarni hali muhokama qilish kerak. Bu haqda RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 29-noyabr kuni jurnalistlarga ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
“Prezident (Vladimir) Putin birinchi bosqichda muvofiqlashtiruvchi mexanizm yaratishni nazarda tutapti. Balki, buni biror yuridik shaxs bilan muhokama qilish kerakdir. Bu uch mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik uchun, infratuzilmani rivojlantirish, keyin tashqi bozorlar uchun”, deydi Peskov.
Uning qayd etishicha, loyihani amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida kelishilgan harakatlar, muhokamalar va muvofiqlashtirish zarur.
“Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham iqtisodiyoti jadal rivojlanib, gazga bo‘lgan ichki talab ortib bormoqda, bundan tashqari, ikki davlat tashqi bozorlarda ham RF bilan ham savdo qiladi. Va, albatta, bu ma’lum daraja muvofiqlashtirishni talab qiladi. Bundan tashqari, yana bir muhim element mavjud. Rossiya va Qozog‘iston YeOIIda sherik sifatida ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha ham ma’lum rejalarga ega. Va istiqbolda – umumiy energiya bozorlarini yaratish rejalari bor. O‘zbekiston, ma’lumki, YeOIIga ham ko‘z tikmoqda, kuzatuvchi davlat, shuning uchun ham bu yerda muvofiqlashtirish juda muhim”, deydi Kreml vakili.
Peskov yana bir muhim omil sifatida Shimoliy Qozog‘istonning ehtiyojlari an’anaviy ravishda Rossiyadan yetkazib beriladigan gaz bilan ta’minlanayotganini ko‘rsatdi. Qozog‘istonda Rossiyadan gaz olib, o‘z hududi ehtiyojlarini qondirish yoki yangi quvur tizimini yaratish uchun o‘nlab milliard dollar sarflash varianti bor, deya tushuntirdi Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi.
“Va biz, o‘z navbatida, Sharqiy Sibirda yangi viloyatni rivojlantirmoqdamiz. Bu eksport uchun ham, bizning mintaqalarimiz uchun ham”, deydi Peskov.
Toqayev 28-noyabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvda prezident Vladimir Putin avvalroq yakunlangan muzokaralarda O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama ittifoq tuzish zarurligi haqida gapirganini aytdi. Toqayevning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘iston tomoni “istalgan natija va kelishuvlarga erishish” uchun “bu mavzuni chuqur o‘rganishi kerak”.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya O‘zbekston va Qozog‘iston orasida gaz ittifoqi tuzish haqidagi xabarlar 28-noyabr kuni, Toqayevning Moskvaga tashrifi vaqtida paydo bo‘ldi. Keyinroq uning tafsilotlarini Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra gaz ittifoqi ichki va tashqi bozorlarda gaz savdosini muvofiqlashtirishga qaratilgan bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston orasida sovet Ittifqi davrida qurilgan gaz transport tizimi mavjud. Undan tashqari, O‘zbekiston 2007-yilda "Turkmaniston — O‘zbekiston — Qozog‘iston — Xitoy" xalqaro gaz transport magistraliga qo‘shilgan edi. Ushbu gaz quvuri dunyoning eng uzun gaz magistrali (7000km) hisoblanadi. 2014-yilda esa, "O‘zbekiston-Xitoy" gaz quvurining to‘rtinchi tarmog‘ini qurish bo‘yicha memorandum imzolangan edi.
2022 yil boshida O‘zbekiston Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini ikki baravar oshirdi va kunchiqar mamlakatga eng ko‘p gaz yetkazib beruvchi beshlikka kirgan edi.