TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Oshqozon yarasi o‘z vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Olim G‘ulomov ta’kidladi.
So‘nggi yillarda Yer yuzida ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, xususan, oshqozon yarasi bilan og‘riyotgan bemorlar soni ortib bormoqda. Asosan 20-40 yosh atrofidagi erkaklarda uchraydigan bu xastalik yildan yilga yosharib, maktab o‘quvchilari, talabalar orasida ham tez-tez kuzatilyapti.
“To‘satdan ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, kuchli og‘riq bezovta qilganda ko‘pchilik bunga yetarli e’tibor bermaydi. O‘z bilganicha davo choralarini izlaydi. Aslida esa ushbu belgilar oshqozon yarasi kasalligi alomati bo‘lishi mumkin”, deydi shifokor.
Qayd etilishicha, bu xastalik surunkali bo‘lib, oshqozon, o‘n ikki barmoqli ichak va boshqa ovqat hazm qilish a’zolarida bemor hayotiga xavf soluvchi asoratlar bilan kechadi.
Oshqozon yarasi bir qancha umumiy belgilar bilan namoyon bo‘ladi: och qoringa tungi og‘riqlar, ishtahaning pasayishi, ba’zida butkul yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, ba’zida qayt qilish shular jumlasidan.
Og‘riqlar ko‘p hollarda to‘sh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Kasallik odatda erta bahor va kech kuzda qo‘zg‘aydi. Ba’zida bemorlar o‘zlaricha dorilarni qabul qilib, shifokorga kech murojaat qilishadi. Natijada xastalikka kech tashxis qo‘yiladi va ba’zi asoratlar yuzaga keladi.
Ta’kidlanishicha, sog‘lom ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik (uzoq vaqt quyuq taom yeyish, quruq non-choy bilan cheklanish, ovqatlanishlar orasidagi uzoq tanaffus), ishda va oiladagi nosog‘lom ruhiy holat, zararli odatlar (chekish, spirtli ichimlik iste’mol qilish), irsiy omillar xavfli kasallik qo‘zg‘ovchilari hisoblanadi.
“Agar shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilinmasa yoki berilgan tavsiyalarga quloq tutilmasa, ayrim asoratlar, xususan, yara teshilishi, penetratsiyasi, ichdan qon ketish va pilorus stenozi kuzatiladi. Eng yomoni, yara saratonga aylanib ketishi ham mumkin. Me’dadan qon ketganida bemor qon qusadi”, deydi shifokor.
Xabarda aytilishicha, ko‘p qon ketganda bosh aylanadi, darmon quriydi, arterial bosim pasayib, taxikardiya (yurak tez urishi) paydo bo‘ladi. Asoratlarning oldini olish uchun bemorlar yilda ikki marta: kuz va bahor oylarida shifokor ko‘rigidan o‘tishi lozim.