Korxona yoki tarmoqlarga berilgan imtiyozlarni bekor qilish kerak – MB

Markaziy bank pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish uchun iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 noya — Sputnik. 2023-2024 yillarda O‘zbekistonda xufona iqtisodiyotni qisqartirish uchun alohida korxona yoki tarmoqlarga berilgan imtiyozlarni to‘liq tanqidiy xatlovdan o‘tkazish va bekor qilish orqali barcha bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlarni yaratish zarur. Bu haqda Markaziy bankning “Pul-kredit siyosatining 2023-yil va 2024-2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” sharhida so‘z boradi.
MB tahlillariga ko‘ra, kelgusi yillarda pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish masalasi iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshiriladigan quyidagi choralar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi:
Iste’mol bozorlarida raqobat muhitining rivojlanishi;
Xufona iqtisodiyotning qisqartirilishi;
Bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarining jadallashtirilishi.
O‘z navbatida, regulyator, iste’mol bozorlarida raqobat muhitining rivojlanishi uchun tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan qaror va farmonlar inventarizatsiyadan o‘tkazish, iste’mol tovarlari importida tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish, import geografiyasini kengaytirish va muqobil yangi marshrutlarni ishlab chiqish, temir yo‘l va havo transporti xizmatlari sohalariga xususiy korxonalarni jalb etish, monopol xarakterga ega korxonalar tovar va xizmatlari narxlarini shakllantirish mexanizmlarining shaffofligini ta’minlash, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlarini tezlashtirish kerakligini qayd etgan.
MBning qayd etishicha, mamlakatda xufona iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilash va barcha manfaatdor vazirlik va idoralarni safarbar etgan holda, quyidagi yo‘nalishlarda choralarni amalga oshirish zarur:
2023-2024 yillarda alohida korxona yoki tarmoqlarga berilgan imtiyozlarni to‘liq tanqidiy xatlovdan o‘tkazish va bekor qilish orqali barcha bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlarni hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
import tovarlarining ichki bozordagi ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishini to‘liq ta’minlash va buni nazorat qilish uchun import mahsulotlari harakati bo‘yicha yagona axborot tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
soliqdan qochish holatlarida jazoning muqarrarligini ta’minlash, rasmiy iqtisodiyotda ishlashni yashirin iqtisodiyotda faoliyat yuritishdan ko‘ra manfaatli qilish, bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, barcha axborot vositalari orqali tushuntirish ishlari ko‘lamini kengaytirish;
yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlariga moliyaviy yordam va qarz sifatida yo‘naltirilayotgan mablag‘larga nisbatan jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga tortish amaliyotini joriy etish, mablag‘lar to‘liq qaytarilganda ushbu tushumlarni soliq bazasidan chiqarish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimi doirasida shubhali mijozlar va operatsiyalarni oldindan aniqlash indikatorlarini joriy etish va monitoringini kuchaytirish.
Regulyator bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirishni tezlashtirish uchun 2023-yilda davlat ulushi yuqori bo‘lgan yirik banklarni xususiylashtirish jarayonini mantiqiy yakuniga yetkazish, hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Asaka bankdagi transformatsiya jarayonlarining faol fazasiga o‘tish zarur deb hisoblayapti.
Shuningdek, 2023-yildan boshlab iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi va moliyaviy resurslarning samarasiz taqsimlanishiga sabab bo‘luvchi imtiyozli kreditlash (foizlari bozor foiz stavkalaridan past bo‘lgan kreditlar) va direktiv kreditlash (mahalliy hokimlik organlari va davlat idoralari tomonidan kreditlarni belgilab berish) usullaridan bosqichma-bosqich voz kechish kerakligini taklif qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bank tizimida ajratilayotgan kreditlarning 60 foizi direktiv asosda ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va aynan ushbu omil ta’sirida tijorat banklarining kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori darajada qolmoqda.