TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Barcha attraksionlarda ogohlantirish vositalari bo‘lishi kerak. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hukumat qarori bilan Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, attraksion boshqarish tizimlari ogohlantirish signalizatsiyasi va xavfli vaziyatlar vujudga kelishiga olib keladigan attraksion ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish uchun boshqa vositalarni o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlanishicha, attraksionning ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish vositalari operator tomonidan ma’lumotlarning xatosiz, ishonchli va tez qabul qilinishini ta’minlashi lozim.
Attraksionni ishga tushirish, shuningdek, to‘xtatilgandan keyin qayta ishga tushirish faqat ishga tushirishni boshqarish organi orqali amalga oshiriladi. Attraksionlarning harakatlanuvchi qismlari ular shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan zonalarga odamlar kirishining oldini oluvchi to‘siqlar bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
“Attraksionning barcha to‘siqlari shunday mahkamlangan bo‘lishi kerakki, ular faqat asboblar yordamida ochiladigan bo‘lishi shart. To‘siqlarning eshiklari qulflanuvchi moslama bilan jihozlanishi kerak”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, zanjir, arqon yoki kamarning yig‘ish birligi hisoblanmaydigan har bir qismi tamg‘alangan bo‘lishi, agar buning iloji bo‘lmasa, ishlab chiqaruvchi nomi va uning joylashgan joyi ko‘rsatilgan taxtacha yoki yechilmaydigan halqaga ega bo‘lishi kerak. Attraksionga kirish joyi oldida sog‘lig‘i, yoshi, bo‘yi va vazni bo‘yicha attraksiondan foydalanishga oid cheklovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilishi lozim.
Shuningdek, har bir foydalanilayotgan attraksionga kirish joyi oldida so‘nggi yillik tekshiruv o‘tkazilgan sana va keyingi yillik tekshiruvni o‘tkazish sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi axborot taxtachasi joylashtirilishi kerak.