TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Bugun, 28-noyabr kuni Buxoro viloyat sudi binosida Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar qildi.
Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi E. Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilyapti.
Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev, D. Jiyemuratov, B. Kadirbergenov, B. Seytniyazov, A. Toqimbetov, Q. Seytimov, A. Nuratdinov, S. Medetov, N. Nayipov, P. Shamshetov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, B. Genjebayev, S. Kalilayev, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va A. Adilbekov Jinoyat kodeksining 28, 104, 104, 159, 164, 167, 227, 243, 244, 244-1, 247 va 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Hozirda 20 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga “uy qamog‘i” va 1 nafariga “jamoa kafilligi” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, sud jarayoni ochiq tarzda o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun sud majlislarini videokonferensaloqa vositasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishga mo‘ljallangan hamda barcha texnik sharoitlar yaratilgan matbuot zali tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 - iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zo‘ravonlik, otishma va kuch ishlatish orqali egallab olishga harakatlar tashkil etildi.
Ommaviy vayrongarchilik va vahshiyliklar chog‘ida Jo‘qorg‘i Kenges (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning o‘qotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka o‘t qo‘yish, buzish va yo‘q qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga urinishlar kuzatilgan.
Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olgan, jumladan ularning 23 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi tan jarohatlar oldilar.