TOShKENT, 27 noya — Sputnik. Jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni olgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar O‘zbekistonga qaytib kelishdi. Ular Toshkent aeroportida tantanali kutib olindi.
Quddusda bo‘lib o‘tgan jamoalar orasida shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi kumush medal sohibi bo‘lgandi.
Final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi 2.5 - 1.5 hisobda Xitoyga imkoniyatni boy berdi. O‘yin taqdirini Vohidovning Jinshi Bayga qarshi mag‘lubiyati hal qildi. Qolgan 3 ta jamoa a’zolari orasidagi o‘yinlar durang natija bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik grossmeysterlar shaxmat bo‘yicha FIDE jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida muddatidan oldin keyingi bosqichga yo‘l olishgan edi. Ular finalgacha Ozarbayjon, Isroil, AQSh, Ukraina, Hindiston va Xitoy jamoalari bilan dona surishdi.