OAV: Turkiyaning Suriyadagi operatsiyasi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Anqara Vashingtonning ogohlantirishiga qaramay maxsus operatsiyani davom ettirdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Turkiya harbiylarining Suriyadagi quruqlikdagi operatsiyasi imkon qadar tezroq amalga oshiriladi. Bu haqida RIA Novosti Yeni Şafak gazetasiga tayanib xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, yaqinda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida Adolat va taraqqiyot partiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi terrorizmga qarshi kurash bo‘ldi. Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar va Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li taqdimot qildi.

“Hisobotda quruqlikdagi operatsiya imkon qadar tezroq amalga oshirilishi, Suriya shimolidagi Panja-qilich havo operatsiyasi bo‘yicha Rossiya va AQShdan kerakli yordamni olishning imkoni bo‘lmagani, ammo shunga qaramay, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani ma’lum qilindi. Bu jarayonda AQShning ikkiyuzlamachi munosabati tanqid qilindi”, deya Turkiya gazetasining so‘zlaridan iqtibos keltirdi RIA Novosti.

Amaliyot davomida Vashington Anqarani “hudud ularning nazorati ostida bo‘lgani uchun u yerga kirmasliklari kerak” deya ogohlantirgan. Biroq shunga qaramay Turkiya harakatni davom ettirdi.
Eslatib o‘tamiz, 20-noyabrdan beri Turkiya Suriya shimolida Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilariga qarshi havo amaliyotini o‘tkazmoqda.