TOShKENT, 26 noya - Sputnik. 2022 yil 26-noyabr kuni ertalab soat 8:10 larda A-373 Toshkent-O‘sh-Andijon avtomagistralining 389-390- kilometrlari oralig‘ida "Isuzu" avtobusi va “Fura” yuk mashinasi to‘qnashib ketdi.
To‘qnashuv natijasida jami 41 nafar fuqaro jarohat olgan, shulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgan, deb xabar qilmoqda SSV.
38 nafar yo‘lovchi turli xil jarohatlar bilan Bo‘ston tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga olib kelingan. Bemorlardan 3 nafarida ushbu ixtisoslashgan brigadalar tomonidan jarrohlik amaliyoti bajirildi.
Barcha jabrlanganlar birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, jarohat og‘irligiga ko‘ra, Bo‘stondan Shahrixondagi qo‘shma shikastlanishlar markaziga 17 nafari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga 10 nafari "Tez yordam" mashinalari orqali yetkazildi.
Hozir Bo‘ston tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida 11 nafar bemor davolanayotgan bo‘lib, ulardan 3 nafarida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi.
Voqea sabablari huquqni saqlash organlari tomonidan o‘rganilmoqda.