TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev prezidentga maslahatchi bo‘ldi. Bu haqida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayev prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, G‘ofurjon Mirzayev 1964-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U Toshkent politexnika instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Mirzayev 2016-yil 15-dekabrida Sirdaryo viloyati hokimi etib tayinlangandi.