TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Bugun, 24-noyabr kuni Toshkentda allergolog-klinik immunologlarning II “Molekulyar allergologiyaning rivojlanish davri” mavzusidagi xalqaro kongressi ish boshladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda mahalliy hamda Rossiya, Avstriya, Gruziya, Argentina, Qozog‘iston kabi qator xorijiy mamlakatlar olimlari ishtirok etmoqda.
Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova va boshqalar so‘zga chiqib, tibbiyotning allergologiya-klinik immunologiya yo‘nalishini rivojlantirish orqali bugungi kunda paydo bo‘layotgan yangidan yangi turlariga samarali yechim topish mumkinligini ta’kidladi.
Buning uchun tibbiy profilaktikani kuchaytirish, sohaga doir yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish zarur ekani urg‘ulandi.
Anjumanda allergologik xizmat, bronxial astma, allergik rinit va molekulyar allergologik tashxisot, dori allergiyasi, atopik dermatitga oid dolzarb muammolar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, tadbirda ilk bor molekulyar allergologik diagnostika bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 30-40 foizi allergik kasalliklardan aziyat chekmoqda. Xususan, rivojlangan mamlakatlarda har uch kishidan biri allergik rinit, har o‘n odamdan biri bronxial astmaga chalingan.
Ta’kidlanishicha, keyingi o‘n yilda dunyo bo‘yicha allergik kasalliklar ko‘rsatkichi 2 barobar oshgan. Yanada xavotirlisi, uning o‘ta og‘ir kechuvchi yangi turlari ham ko‘paymoqda. Bu ekologik muammolar, noto‘g‘ri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari ko‘p qabul qilish, kam harakatlilik kabi omillar bilan bog‘liq.
Qolaversa, koronavirusga chalinganlarni davolashda antibiotiklar, ferment va gormon preparatlari, vitaminlar, qon suyultiruvchi vositalardan ko‘p miqdorda foydalanish allergik kasalliklarni avj oldirib yubordi. Oqibatda anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens Jonson sindromi kabi oxiri o‘lim bilan yakun topadigan allergik kasalliklar ko‘paydi.
Molekulyar allergologiya — ana shunday innovatsion diagnostika usullaridan biri. U allergenning molekulyar komponentlarini o‘rganib, tarkibida ko‘p uchraydigan faol major allergenlarni va organizmga tushgach, unga qarshi ishlab chiqarilgan antitanachalar spetsifik immunoglobulin E miqdorini har bir allergenga nisbatan aniqlab beradi.