TOShKENT, 24 noya — Sputnik. “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalaridagi qonunbuzarlik holatlarini aniqlaydi. Bu prezident 23-noyabr kuni imzolagan qarorda ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan “O‘zbekkosmos” yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni belgilash va kosmik monitoring, shu jumladan, davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanishi belgilangan.
Davlat kosmik monitoringini amalga oshirish doirasida “O‘zbekkosmos”ga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan:
kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash;
davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
sohalarda vazirlik va idoralar tomonidan kosmik texnologiyalarni qo‘llash darajasini monitoring qilish va ularning joriy etilishini jadallashtirish.
Qarorga ko‘ra, davlat kosmik monitoring tizimi orqali yer osti boyliklarini qazib olish, suv resurslarini muhofaza etish, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va realizatsiya qilish yo‘nalishlarida (davlat yer va kadastr nazorati sohasidagi huquqbuzarliklar bundan mustasno) aniqlangan huquqbuzarliklar uchun undiriladigan ma’muriy jarimalarning 10 foizi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
“O‘zbekkosmos”ga faoliyatni rivojlantirish maqsadida Global sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya (GNSS) tizimlari operatorlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, Xalqaro astronavtika federatsiyasiga (IAF) a’zo bo‘lish vazifasi topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgani xabar qilingan edi.