O‘zbekiston va Sankt-Peterburg o‘rtasida talabalar almashuv dasturi amalga oshirilishi mumkin

Sankt-Peterburg ijtimoiy tibbiyot instituti rektori talabalar va o‘qituvchilar almashuv dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Sankt-Peterburg o‘rtasida talabalar almashuv dasturi amalga oshirilishi mumkin. Bu haqida O‘zbekiston Bosh konsuli va mamlakatning Sankt-Peterburgdagi elchixonasi vakillarining Sankt-Peterburg tibbiyot-ijtimoiy institutiga tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakat OTMlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari va bir qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazish belgilab olindi.
Sankt-Peterburgskiy mediko-sotsialniy institut
Tashrifning rasmiy qismidan so‘ng institutda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, tajriba va akademik almashuvlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Sankt-Peterburgskiy mediko-sotsialniy institut
Sankt-Peterburg ijtimoiy tibbiyot instituti rektori Sergey Malsev sohaga oid oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar va o‘qituvchilar almashuv dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, institutdagi simulyatsiya markazi va Stomatologiya ta’lim markazi, anatomik muzey va institutning o‘quv xonalari fondiga qisqa muddatli ekskursiya tashkil etildi.
Sankt-Peterburgskiy mediko-sotsialniy institut
Ekskursiya davomida Bosh konsul institutning moddiy-texnik bazasining yuqori darajasi va ta’lim olish uchun eng qulay sharoitlar mavjudligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusidagi samarali hamkorlik do‘st xalqlarning madaniy aloqalarini mustahkamlaydi va malakali mutaxassislar tayyorlashda yangi ufqlarni ochadi.