TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekistondan Misrga guruch, Misrdan O‘zbekistonga sitrus mevalar va boshqa mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqida “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Qohira shahrida Misr sanoatlari uyushmasining Oziq-ovqat palatasi raisi Mahmud al-Basumiy bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston va Misr kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish va ikki tomonlama tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Misr tomoni O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi rahbari va vakillarini, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan yirik o‘zbek kompaniyalarini 5-7 dekabr kunlari Qohirada bo‘lib o‘tadigan "Food Africa 2022" xalqaro ko‘rgazmasida qatnashishga taklif qildi.
Ko‘rgazma chog‘ida ikki mamlakat oziq-ovqat sanoati palatalari ishtirokida muzokaralar o‘tkazish, hamkorlik istiqbollarini belgilab oluvchi "Yo‘l xaritalari"ni tuzish tashabbusi bildirildi.
Ma’lumot uchun, Oziq-ovqat sanoati palatasi Misr oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tasdiqlovchi shahodatnoma taqdim etish, soha rivojiga hissa ko‘shadigan strategiyalarni ishlab chiqish va qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanadi, shuningdek, mamlakat oziq-ovaqt sanoatining imijini yaratishi bilan birga uni turli xalqaro forumlarda taqdim etadi.
Tashkilot tizimi shakar, shirinliklar, sut va sut mahsulotlari, sharbatlar, sabzavot va mevalar, yog‘, don va ziravorlar kabi 9 bo‘limdan iborat. Palata sohada faoliyat olib borayotgan 18 mingdan ortiq kompaniyalarni birlashtiradi.