TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida o‘zbek va qozoq ijodkorlari ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Madaniyat vazirligi Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, konsert dasturidan o‘zbekistonlik san’atkorlarning 20dan oshiq qo‘shiqlari joy oldi.
Konsert dasturi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli va “Navro‘z” raqs ansamblining ijrosi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston xalq artistlari Munojat Yo‘lchiyeva, Jenisbek Piyazov, Maxmud Nomozov va Mansur Toshmatovlar qo‘shiq kuylashdi.
O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatovning so‘zlariga ko‘ra, konsert va uchrashuvlar o‘zbekistonlik san’atkorlar uchun esda qolarli xotiralarni tuhfa etmoqda.
“Mening san’atim bilan sobiq ittifoqdagi va MDH mamlakatlari tanish, Qozog‘istonga tashrifimizda oradan vaqtlar o‘tib, insonlar meni eslayaptimi, yoshlik davrimda aytgan qo‘shiqlarim ularga hamon yoqaptimi degan o‘ylar qalbimdan o‘tdi va amin bo‘ldimki, hamon muxlislar qalbidaman! Bizning tilimiz, urf-odatlarimiz, qarashlarimiz bir-biri bilan yaqin, mana shunday turkiy tilli davlatlar bilan aloqalarimiz yaxshi bo‘lsa, o‘zaro tinchlik abadiy bo‘ladi, insonlarning do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanadi. Mana shunday tadbirlarimiz ko‘payaversin!”, deydi Mansur Toshmatov Sputnik muxbiriga.
Mansur Toshmatov konsertda "Siyay Tashkent, zvezda Vostoka" va "Vatanim" qo‘shiqlarini ijro etdi.
Konsert dasuridan shuningdek, o‘zbekistonlik yosh ijodkorlarning chiqishlari ham joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, Ostonada 21-noyabrdan O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Tadbirlarda O‘zbekistondan yuzdan ortiq ijodkorlar, xususan madaniyat va san’at namoyondalari, hunarmand va rassomlar ishtirok etmoqda.