TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti davomida Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi mojaro muhokama qilindi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
“Unga (KXShT sammitida Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi vaziyat – tahr.) to‘xtab o‘tildi. Ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi bu ziddiyatli vaziyatlardan qutulish uchun tashkilotda siyosiy iroda mavjud”, deydi Peskov jurnalistlar savollariga javob berib.
Uning qo‘shimcha qilishicha, prezidentlar nizoni bartaraf qilish zaruratini tushunadilar, biroq jarayonning borishi qiyin, shunga qaramay davom etadi.
Ma’lumot uchun, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi aniqlanmagan hududlar vaqti-vaqti bilan to‘qnashuv zonasiga aylanadi. Tojik-qirg‘iz chegarasida oxirgi marta vaziyat 14-16 sentabr kunlari keskinlashgan edi.
25 sentabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari vaziyatni tartibga solish bo‘yicha protokol imzoladi, unda ular chegaradagi mojarolarni tugatish, delimitatsiya va demarkatsiya jarayonini tezlashtirishga kelishib olindi. Shuningdek, hujjatga ko‘ra, tomonlar mojarolar tez-tez sodir bo‘ladigan joylarda to‘rtta chegara punktlarini o‘rnatishga kelishib oldi.