TOShKENT, 24 noya - Sputnik. O‘zbekistonda fuqaro havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya hodisalarini tekshirish qoidalari tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 17-noyabr kuni qabul qilingan “Fuqaro havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya hodisalarini O‘zbekiston Respublikasida tekshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi, deb xabar berdi “Norma”.
Hujjatga muvofiq:
Transport vazirligi aviatsiya hodisalari bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazilishini tashkillashtirishga mas’ul hisoblanadi va unga tekshirish o‘tkazishda mustaqillik beriladi;
tekshiruv og‘irligi 2250 kgdan yuqori bo‘lgan havo kemalari (uchuvchisiz uchish apparatlari) bilan sodir bo‘lgan aviatsiya hodisalari bo‘yicha o‘tkaziladi;
global ahamiyatga ega bo‘lgan parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiya ICAO’ga yuboriladi.
Qaror bilan Fuqaro havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya hodisalarini O‘zbekiston Respublikasida tekshirish qoidalari tasdiqlangan bo‘lib, ularga ko‘ra:
aviatsiya hodisalari aviahalokatlar (odam o‘limiga sabab bo‘lgan – falokat, odamlar o‘limiga sabab bo‘lmagan – avariya), aviatsiya insidentlari va jiddiy aviatsiya insidentlariga tasniflanadi;
aviahalokatlar haqida xabar topgan shaxslar zudlik bilan mahalliy hokimiyat organlari va fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga ma’lum qilishi kerak;
aviahalokat haqida xabar topgan dispetcherlik xizmatlari zudlik bilan Transport vazirligi, DXXning transport boshqarmasi, Transport prokuraturasi va havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlariga yuboradi;
Transport vazirligi xabarni Vazirlar Mahkamasi, FVV, IIV, DXX, Qurolli Kuchlarning Aviatsiya parvozlari xavfsizligi xizmati, Transport prokuraturasi va Aviaxodimlar kasaba uyushmasi markaziy qo‘mitasi (xorijiy mamlakatning havo kemasi bilan bog‘liq aviahalokatlar bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonani xam xabardor qiladi);
tekshirish Transport vazirligi tomonidan ijro xokimiyati organlari, prokuratura, havo kemasini ishlab chiquvchilari, ekspluatantlari, havo kemasi ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatning vakillari va O‘zbekistonning boshqa manfaatdor vazirlik va idoralari ishtirokida o‘tkaziladi;
tekshirish materiallari hisobot tasdiqlangandan so‘ng besh kunlik muddatda tergovni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organga, Transport vazirligi, kema ekspluatanti (egasi), aviahalokat meteosharoitlar bilan bog‘liq bo‘lsa – O‘zgidromet, Mudofaa vazirligiga yuboriladi.
Ma’lumot uchun, ICAO (International Civil Aviation Organization) – Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti. O‘zbekiston 1992-yil 12-noyabrdan buyon mazkur tashkilotning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.