TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Rossiyadagi eng yirik yuk mashinalari ishlab chiqaruvchisi “KamAZ” O‘zbekistonlik ishchilarga eng yaxshi ish beruvchi deb topildi. Sputnik muxbiri ma’lum qilishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi kompaniyani xodimlar uchun yaratilgan eng yaxshi ijtimoiy sharoitlar uchun mukofotladi.
Toshkentda mehnat migratsiyasi bo‘yicha xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida “KamAZ” “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eng yaxshi ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratgan ish beruvchi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, “KamAZ” o‘tgan yildan boshlab o‘z korxonalariga ishlash uchun xorijiy fuqarolarni jalb qila boshlagan.
Birinchi chet ellik ishchilar orasida 450 nafar O‘zbekiston fuqarosi bor edi. Keyinroq avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona rahbariyati O‘zbekistondan yanada ko‘proq ishchilarni jalb etish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Hozirda kompaniya korxonalarida 700 dan ortiq o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.
“KamAZ”ning Vetnam, Qozog‘iston, Pokiston va Hindistonda yig‘ish zavodlari mavjud. Avtomobil ishlab chiqaruvchisining asosiy aksiyadorlari "Rostex" davlat korporatsiyasi (47,1%), “Avtoinvest” (23,54%) va Daimler AG (15%) hisoblanadi.