TOShKENT, 22 noya - Sputnik. O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Rossiya madaniyat vaziri o‘rinbosari Nadejda Prepodobnaya bilan uchrashdi. Uchrashuvda ular O‘zbekistonda 2023-yilda o‘tkaziladigan “Rossiya fasllari” loyihasi dasturini ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
“Tomonlar 2023-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Rossiya fasllari” loyihasi dasturini batafsil muhokama qildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova 2023-yilda O‘zbekistonda “Rossiya fasllari” festivali o‘tkazilishini respublikaga tashrifi chog‘ida ma’lum qilgan edi.
“Bilasizmi, bizda yana bir muhim yo‘nalish bor – bu bizning “Rossiya fasllari”miz, Dagilev kelasi yili 150 yoshga to‘ladi... Kelasi yili biz hammamiz birgalikda O‘zbekistonga boramiz”, degan u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning maqsadi “Rossiya san’atida mavjud bo‘lgan eng yaxshi narsalarni olib kelish”dir.
“Rossiya fasllari” festivali xorijiy tomoshabinlarni rus madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish imkonini beradi. Loyiha Rossiya Madaniyat vazirligi ko‘magida amalga oshiriladi. U ijodiy jamoalarning gastrol safarlari, mamlakatning eng yirik muzeylari ko‘rgazmalarini o‘z ichiga oladi. Ularni rus filmlari premyeralari, muz shoulari va boshqa aksiyalar to‘ldiradi.
Bundan tashqari, Stay Home with Russian Seasons onlayn platformasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Unda rus kinosi, musiqasi, rus tili va adabiyoti haftaliklari, spektakllarning translyatsiyasi, virtual ko‘rgazmalar va videoturlar tashkil etiladi.