TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi va qabul qilishdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu shartnomani (Nur-Sulton, 2021-yil 6-dekabr) ratifikatsiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshiradi.
Mazkur xalqaro shartnomada ahdlashuvchi tomonlar shartnomada belgilangan shartlarga binoan bir-birlarining iltimosnomalari bo‘yicha hukm chiqargan davlat hududida jinoyat sodir etgani uchun jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan va boshqa ahdlashuvchi tomonning fuqarosi bo‘lgan mahkumlarni hukm ijro etiladigan davlatga o‘tkazish tartibi belgilangan.
Jumladan, mahkum hukm chiqarilgan tomon hududidan hukm ijro etiladigan tomon hududiga jazoni yoki uning qolgan qismini o‘tash uchun topshirilishi mumkin.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama etilib, qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputatlar “O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida mahkumlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishgan edi.