Uchta onkologiya markazi Toshkentdagi bitta kompleksga birlashtiriladi

Bu yerda Toshkent shahri va viloyati fuqarolari uchun tibbiy yo‘llanmasiz, boshqa hududlardan kelgan bemorlar uchun yo‘llanma asosida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Shifokorlar ko‘chasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi qurilmoqda, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Yangi kompleks tarkibiga:
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Toshkent shahar Farobiy ko‘chasi 383-uy);
markazning poytaxt filiali (Toshkent shahar Bog‘iston ko‘chasi 1/71-uy);
markazning Toshkent viloyati filiali (Toshkent shahar Taxtapul darvoza ko‘chasi, 341-uy) kiradi.
Bu yerda Toshkent shahri va viloyati fuqarolari uchun tibbiy yo‘llanmasiz, boshqa hududlardan kelgan bemorlar uchun yo‘llanma asosida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Bino 8 qavatdan iborat. Unda statsionar davolanish uchun 650 o‘rin bor. Kunduzgi statsionar 100 o‘rinli. Poliklinikasi esa 500 qatnovga mo‘ljallangan. Yagona kompleksda 17 ta yangi klinik bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, mamlakatda ilk bor suyak ko‘migi transplantatsiyasi bo‘limi ochiladi.
Onkologiya tizimini, jumladan, ushbu kompleksni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga 80 million dollar mablag‘ ajratilmoqda. Markazda 16 ta reanimatsion va operatsion xonalar eng so‘nggi texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Intensiv terapiya bo‘limi yurak monitorlari, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari va boshqalar bilan jihozlangan konsolli funksional yotoqlarga ega bo‘ladi.
Turli tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 5 ta onkologiya kafedrasi birlashib, yagona metodik markazga aylanadi. Ilk bor yadro tibbiyoti kafedrasi tashkil etiladi. Kompleksda 9 ta bunkerdan iborat radioterapiya arsenali ishga tushiriladi. Birida to‘xtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalari uning o‘rnini to‘ldirishi natijasida davo muolajasi uzluksizligi ta’minlanadi. Bemorlar uchun dori-darmon tayyorlash va yetkazishning yangicha tizimi amaliyotga tatbiq etiladi.
Yangi kompleks 2023-yilning may oyida ishga tushirilishi kutilmoqda.