Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi

Davlat rahbarining Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, davlat rahbarining Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston prezidenti umumxalq saylovi muvaffaqiyatli o‘tgani va unda ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy muborakbod etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo, sanoat, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.