KXDR tashqi ishlar vaziri BMT bosh kotibini AQShning “qo‘g‘irchog‘i” deb atadi

Shimoliy Koreya BMTning Koreya yarimorolidagi vaziyat yuzasidan pozitsiyasini nohaqliq deb bilishini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tashqi ishlar vaziri Chxve Son Xi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni Koreya yarimoroli masalasi bo‘yicha mulohazalarida noxolis munosabatda bo‘lgani uchun tanqid qildi va AQShning “qo‘g‘irchog‘i” deb atadi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning Markaziy telegraf agentligiga asoslanib, RIA Novosti xabar bermoqda.

“18 noyabr kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQShning jiddiy harbiy tahdidiga javoban o‘zimizni himoya qilish huquqimizdan qonuniy va adolatli foydalanishimizni yana “provokatsiya” deb atadi. Oxirgi paytlarda menga vaqti-vaqti bilan u Oq uy yoki AQSh Davlat departamenti a’zosidek tuyulyapti. Bosh kotib Guterrish BMT Nizomining barcha masalalarda adolat, xolislik va tenglikka qat’iy rioya etishni nazarda tutuvchi maqsad va tamoyillariga amal qilish va’dasini unutib, o‘ta ketgan ayanchli pozitsiyani egallab turganidan qattiq afsusdaman”, - deydi Chxve Son Xi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Guterrish Koreya yarimoroli masalasini “xolis” ko‘rib chiqishi kerak, chunki u Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi koalitsiya kuchlari bir yil davomida mintaqada “strategik yadroviy qurollarni o‘z ichiga olgan provokatsion yadroviy harbiy mashqlar”ni birin-ketin o‘tkazayotganini va bu hozirgi qarama-qarshilikka olib kelganini biladi.

“AShQ va uning ittifoqdoshlarining KXDRga qarshi harbiy hamkorlik borasidagi xavfli harakatlari tufayli Koreya yarimoroli va uning atrofida yuzaga kelgan beqaror xavfsizlik vaziyatida biz o‘zimizni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga majbur bo‘lganimizni allaqachon aniq aytgan edik. Biz agar AQSh halokatli oqibatlarga olib kelishini istamasa, u o‘zini oqibatini o‘ylamasdan harakat qilmasligi kerakligi haqida aniq signal yubordik. Biroq, BMT bosh kotibi provokator yorlig‘ini AQShga emas, bizga yopishtirib qo‘ydi... Bosh kotibning AQSh va uning ittifoqchilarining BMT Xavfsizlik Kengashida suveren huquqlarimizdan daxlsiz foydalanishimiz masalasini ko‘rish bilan bizga bosim o‘tkazishga urinishlarini ma’qullashi, u Qo‘shma Shtatlarning qo‘g‘irchog‘i ekanligidan dalolat beradi”, - deydi vazir.

Chxve Son Xi Koreya yarimoroli hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun xalqaro hamjamiyat “barcha muammolarning manbai” bo‘lgan AQShning mintaqadagi “provokatsion harakatlari”ni to‘xtatish zarurligi haqida faolroq gapirishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u KXDR AQSh va BMT Xavfsizlik Kengashining harakatlarini kuzatib borayotganini va javob berishga tayyorligini eslatdi.