TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning Markaziy Osiyoni transport yo‘lagi orqali Rossiyani chetlab, Yevropa bilan bog‘lash g‘oyasi bu kimning puli evaziga quriladi, yangi yo‘lga ehtiyoj bormi, degan savollarni yuzaga keltiradi. Bu haqda sharqshunos olim, Moskva davlat universiteti qoshidagi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti direktori Aleksey Maslov Sputnik muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Bir qarashda ajoyib g‘oya bo‘lib ko‘rinadi: Markaziy Osiyo davlatlari tovarlari Yevropaga yuboriladi. Ammo shu zahoti qator savollar yuzaga keladi va unga Borrel javob bera olmaydi.
Birinchidan, bu transport yo‘lagi kimning puliga quriladi? Negaki, transport yo‘laklari darhol natija bermaydi. Masalan, temir yo‘l qanchalik tez va sifatli qurilmasin, 40 ba’zida 50-yilda samara bera boshlaydi, ya’ni xarajatning qoplanishi sekin kechadi.
Faqatgina ba’zi davlatlar, jumladan, Xitoy o‘n yillarga mo‘ljallab sarmoya kiritapti va shunchaki transport yo‘lagi qurmayapti, unda ishlovchilarni o‘qitapti ham, infratuzilma barpo qilyapti. Aslida Xitoy “Kamar va yo‘l” loyihasiga ko‘p yillar davomida trillion dollar sarfladi. Shunday loyihalardan biri “Yevroosiyo yo‘lagi” deb ataladi va u Markaziy Osiyodan ham o‘tib, mintaqa mahsulotlarini Yevropaga olib chiqadi.
Shu o‘rinda Markaziy Osiyo uchun savol paydo bo‘ldi: mavjud logistika yo‘lagi to‘ldirilmasdan yana bittasi nega kerak? Shunday ekan, orzu qilish bu hali bir narsa qurishga tayyor bo‘lish, degani emas”, - deydi Maslov.
Mutaxassis Markaziy Osiyo tovarlari Xitoy mahsulotlarining o‘rnini bosa oladimi, degan masala ham borligini eslatib, bu borada mintaqa davlatlari “Osmonosti” mamlakatiga har tomondan ham teng kelavermasligini qayd etdi.
“Markaziy Osiyo Xitoy mahsulotlari teng kelolmaydigan ma’lum hajmdagi tovarlarni taklif qilishi kerakligini tushunish kerak. Agarda Borrelning taklifi shunchaki Xitoy tovarlarini Yevropadan siqib chiqarish uchun bo‘lsa, Markaziy Osiyo – Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistondagi tovarlar nomenklaturasi Xitoy mahsulotlari bilan to‘liq mos kelmaydi.
Masalan, Xitoydan yuborilayotgan yuqori texnologiyali tovarlar: ko‘plab stanok va uskunalarga. Agarda gap oziq-ovqat mahsulotlari haqida bo‘lsa, Xitoy Yevropaga bu tur mahsulotlarni aytarli yetkazib bermaydi, uning o‘zi bu borada yirik importor. Modomiki masala neft va gazda bo‘lsa, Xitoy Yevropaga energiya resurslarini yetkazib beruvchi hisoblanmaydi. Maqsad Qozog‘iston neftini Xitoyga emas, Yevropaga yo‘naltirish bo‘lsa, yo ulkan quvur yotqizish, yo dengizgacha olib borish, u yerdan tankerlarda tashish kerak. Bu narxni oshiradi”, - deydi mutaxassis.
Maslov yangi yo‘lakdan ko‘zlangan maqsad Rossiyani to‘laligicha Yevropaga mahsulot yetkazib berishdan uzoqlashtirish bo‘lsa, Borrelga xaritaga qarashni tavsiya qildi. U Rossiya va Xitoy o‘z-o‘zidan Yevropaning asosiy mahsulot yetkazib beruvchisiga aylanmaganini urg‘uladi.
“Agarda gap Rossiyani to‘laligicha Yevropaga (mahsulot – tahr.) yetkazib berishdan uzoqlashtirish haqida ketayotgan bo‘lsa, Borrelga xaritani sinchkovlik bilan qarashni, Markaziy Osiyo qayerdaligiga e’tibor berishni tavsiya qilgan bo‘lardim. U yerdan qanday qilib mahsulot tashish mumkin?! Ularni eng yaqin portgacha olib borish kerak bo‘ladi, masalan, hind porti yoki yana o‘sha rus portlari, xitoy portlari. U yerdan Yevropaga yuborish mumkin.
Vaziyat shundayki, Yevropaga asosiy mahsulot yetkazib beruvchilar Rossiya Xitoy hisoblanadi. Ammo bu ular bozorni egallab olgani uchun emas. Balki Xitoy yo‘llar uchun yirik miqdorda pul ajratgani uchun, Rossiya esa geografik jihatdan Yevropaga yaqin va mahsulot yetkazib berishi mumkin. Shunday ekan, mahsulotlarni Rossiya va Xitoyni chetlab, Yevropaga yetkazish mumkin, ammo bu qimmatga tushadi”, deydi Aleksey Maslov.
Avvalroq Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel o‘z blogida Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Rossiyani chetlab o‘tuvchi transport yo‘laklarini qurish tarafdori ekanini yozib chiqqandi. U shuningdek, mintaqa davlatlari ham munosabatlarni difersifikatsiya qilishga tayyor ekanini qo‘shimcha qilgan.
Uning fikriga javoban “Infra Proyekti” MChJ boshqaruvchi hamkori Aleksey Bezborodov Borrelning Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida Rossiyani chetlab yo‘lak qurish loyihasi jiddiy emasligini ta’kidladi va Yevropa diplomatiyasi rahbari shunchaki geografiyani yaxshi bilmaydi, deb hazil qildi.