TOShKENT, 20 noya — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlarining ommaviy o‘qqa tutishi Zaporojye atom elektr stansiyasining strategik obyektlariga zarar yetkazdi. Bu haqda “Rosenergoatom” bosh direktori maslahatchisi Renat Karchaa RIA Novostiga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ukraina armiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri stansiya hududiga zarba bergan.
“12 ta raketa uchirildi. Oltitasi reaktor sovutish favvorasi hovuziga, ikkitasi yadroviy chiqindilarni quruq saqlash joyiga urilgan. Hozircha otishma oqibatlarini aniqlashning iloji yo‘q - takroriy hujumlar xavfi saqlanib qolmoqda”, - deyiladi xabarda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ZAES xodimlaridan hech kim jabrlanmagan.
Zaporojye AES bloklari soni va o‘rnatilgan quvvati bo‘yicha Yevropada eng yirik hisoblanadi. Mart oyidan beri u Rossiya harbiylari himoyasida. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlaganidek, bu yadroviy va radioaktiv materiallarning sizib chiqishining oldini olish uchun zarur. Ukraina qo‘shinlari stansiyani ham, qo‘shni Energodar shahrini ham muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda.
Shu haftada MAGATE Boshqaruvchilar kengashi Rossiyani Zaporojye atom elektr stansiyasini tark etishga va unga egalik qilish bo‘yicha “asossiz da’volardan” voz kechishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi. Hujjatni 35 davlatdan 24 tasi ma’qullagan, Rossiya va Xitoy qarshi ovoz bergan. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Rabkovning ta’kidlashicha, Boshqaruvchilar kengashining yondashuvlari haqiqatni aks ettirmaydi. Rossiya Davlat dumasining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Sluskiy, o‘z navbatida, rezolyutsiyani amalga oshirib bo‘lmaydigan deb atadi, chunki AES Rossiya hududida joylashgan va allaqachon uning energetika tizimining bir qismiga aylangan.