Poyabzal xarid qilishda ko‘pchilik ana shu jihatlarga yetarlicha e’tibor qaratmaydi. Oqibatda jimjimador va jozibador oyoq kiyim ishqibozlari orasida travmatologik va ortopedik kasalliklar avj olishi kuzatilyapti.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov noto‘g‘ri tanlangan poyabzallar qanday kasalliklarga sabab bo‘lishini so‘zlab berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, poyabzal tanlash — nozik va o‘ta mas’uliyatli jarayon. Chunki oyoqlar tanamizning eng muhim a’zolaridan. Ularning haddan ziyod zo‘riqishi, jarohatlanishi, lat yeyishi va deformatsiyasi turli og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Yanada aniqroq aytsak, inson oyoqlari murakkab anatomik tuzilishga ega. Uning bir panjasi 26 ta suyak va ko‘plab bo‘g‘imlardan tarkib topgan. Noto‘g‘ri tanlangan poyabzal ana shu suyak va bo‘g‘imlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bora-bora ularning deformatsiyalanishiga olib keladi”, - deydi Irismetov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Yer yuzida yashovchi katta yoshli aholining 80 foizgacha qismi oyoqlar salomatligi bilan bog‘liq turli muammolardan aziyat chekib keladi. Bu yuqorida sanalgan omil bilan ham chambarchas bog‘liq.
Irismetovning ta’kidlashicha, poshnasiz, ya’ni tekis taglikli oyoq kiyimlardan uzoq vaqt foydalanish yaramaydi. Bu yassioyoqlik, plantar fassiitni keltirib chiqarishi mumkin.
Baland poshnali poyabzal ham maqbul tanlov emas. Uni kiygach, tana vazni oyoq yuzasiga notekis taqsimlanadi. Oqibatda og‘irlik markazi oldinga siljib, bunday yuk uchun mo‘ljallanmagan metatarsal suyaklar va o‘sha qismdagi bo‘g‘imlar zararlanadi.
Bu holat mayda yoriqlar paydo bo‘lishi, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi hamda nerv tomirlarining siqilishiga olib keladi. Bundan tashqari, yassioyoqlik va barmoqlar deformatsiyasi shakllanadi.
Tor poyabzal kiyish ham salomatlik uchun ziyon. Oyoqlarda qon aylanishi buziladi. Tirnoqlar ingichka va mo‘rt bo‘lib teri ichiga o‘sadi. Bu esa zamburug‘li kasalliklar uchun qulay “nishon”. Qolaversa, qon yaxshi aylanmasligi hisobiga shish va ko‘karish, tromboflebit hamda varikoz tomirlari kengayishi yuzaga keladi.
Sun’iy charm va matodan ishlangan oyoq kiyimlar esa namlik va issiqlik almashinuvini izdan chiqarib, allergik reaksiyalarni paydo qilishi ehtimoli katta.
“Qattiq taglikka ega poyabzallar amortizatsiya xususiyatiga ega emas. Oqibatda umurtqa pog‘onasi zo‘riqib, intervertebral disklarning patologiyasi, radikulit kasalligi rivojlanishi xavfi oshadi. Yupqa taglikli poyabzallardan uzoq muddat foydalanish ham oyoqlar yassiligi, tovonlar yorilishi, bel churrasi va artrozga olib kelishi mumkin”, - deya xulosa qildi mutaxassis.