TOShKENT, 20 noya — Sputnik. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Amerika Qo‘shma Shtatlarini Amerika milliy manfaatlariga zid bo‘lgan qarorlar qabul qilishga majbur qilmoqda. Bu haqda “The Washington Post” sharhlovchisi Devid Ignatius yozmoqda.
“Keling, Vashington va Kiyev o‘rtasidagi nozik munosabatlar haqida o‘ylab ko‘raylik. Zelenskiy o‘zining qudratli homiysini Qo‘shma Shtatlar manfaatiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin bo‘lgan ishlarga majburlamoqda”, - deydi jurnalist.
Uning fikricha, Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish va “Rossiya va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaro keltirib chiqaradigan har qanday narsadan qochish” o‘rtasida muvozanatni saqlamoqda.
Misol tariqasida u Moskva va Kiyev o‘rtasida potensial muloqot boshlanishini e’lon qilgan amerikalik general Mark Milli bilan bog‘liq vaziyatni keltirdi. Bunga javoban Oq uy rasmiylari Vashington tinchlik muzokaralari masalasida Kiyevga bosim o‘tkazmayapti, deya javob qaytardi.
Muallif Baydenni Qo‘shma Shtatlarni himoya qilishga va “yadroviy mojaroga o‘tish”ning oldini olishga chaqirgan.
G‘arb ommaviy axborot vositalarining Kiyevni Moskva bilan muloqotga undagani haqidagi xabarlaridan so‘ng, Ukraina prezidenti bir qator shartlar evaziga Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqida gapirdi. Shu bilan birga, Kiyev rasmiylari muzokaralar o‘tkazishning iloji yo‘qligini qonun bilan ta’minladi va Zelenskiy ularga rozi bo‘lmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Moskva Ukraina pozitsiyasining nomuvofiqligini qayd etdi, biroq u muloqotga ochiq ekanligini va buning uchun hech qanday shart qo‘ymasligini bildirdi.