O‘zbekistonlik sportchi Jahon chempionatida kumush medali sohibi bo‘ldi

Po‘latov oltin medal uchun kechgan jangda xitoylik Liang Yushuaiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Ayni paytda Meksikaning Gvadalaxara shahrida taekvondo WT bo‘yicha Jahon chempionati bellashuvlari o‘tkazilmoqda. Dunyoning 122 ta davlatidan sportchilar qatnashayotgan bahslarda o‘zbekistonlik Niyoz Po‘latov -63 kg vazn toifasida Ozarbayjon, Misr, Eron, Xorvatiya va Ispaniya vakillaridan ustun keldi va finalgacha bordi.
“Po‘latov chempionatning oltin medali uchun kechgan jangda xitoylik Liang Yushuaiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Niyoz Po‘latovning mazkur medali O‘zbekiston terma jamoasi uchun ushbu jahon chempionatidagi to‘rtinchi sovrinli o‘rin bo‘ldi. Bungacha Svetlana Osipova oltin, Nikita Rafalovich va Feruza Sodiqova bronza medallariga musharraf bo‘lgan edi.