Shvetsiya tergov organlari “Shimoliy oqim”ga hujum uyushtirilganini tasdiqladi

Shvetsiya huquqni saqlash organlari gaz quvurlari portlatilgan joyda begona jismlar va portlovchi modda qoldiqlarini topishgan.
Sputnik
TOShKENT, 18 noya - Sputnik. Shvetsiya hukumati tomonidan “Shimoliy oqim” gaz quvurida portlash yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar bu qo‘poruvchilik ekanligini ko‘rsatdi, deb xabar qildi Shvetsiya huquqni saqlash organlari. RIA Novosti xabariga asosan.
Bayonotga ko‘ra, Shvetsiya xavfsizlik xizmati quvurdagi portlashlarni tekshirish uchun “kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda”.

“O‘tkazilgan tergov quvurlar qo‘pol hujumga uchraganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ular portlashlar sodir bo‘lgan joyda ba’zi "begona obyektlar" ni va portlovchi moddalar qoldiqlarini topishdi”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Boltiq dengizida olib borilgan tekshiruvlar davomida “portlashlar natijasida gaz quvurlariga jiddiy zarar yetkazilgani sinchkovlik bilan hujjatlashtirilgan”.
26 sentabr kuni Rossiyaning Yevropaga eksport qiluvchi ikkita gaz quvuri – “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2”ga birdaniga hujum uyushtirildi. Germaniya, Daniya va Shvetsiya maqsadli sabotajni istisno qilmayapti. “Shimoliy oqim” operatori Nord Stream AG gaz quvurlaridagi favqulodda holat misli ko‘rilmagan darajada ekani va ta’mirlash muddatini taxmin qilishning iloji yo‘qligini ma’lum qildi. Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi “Shimoliy oqim” gaz quvurlariga yetkazilgan zarardan keyin xalqaro terrorchilik akti yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.
31 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Gazprom”ga “Shimoliy oqim”dagi portlash joyini tekshirishga ruxsat berilgani, kompaniya rahbari Aleksey Miller esa unga tekshiruv haqida hisobot berganini ma’lum qildi. Putin, shuningdek, “Shimoliy oqim” gaz quvuridagi portlash ochiq terakt ekanligini aytdi.