Gematologiya kasalliklarini davolash uslublari har ikki yilda yangilanadi

Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijdan mutaxassislar chaqiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 noya - Sputnik. Endi har ikki yilda gematologiya, onkogematologiya yo‘nalishlarida tashxislash va davolash standartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 15-noyabr kuni qabul qilingan “Onkogematologik, onkologik, birlamchi immunodefitsit va davolash qiyin bo‘lgan hamda qon tizimi kasalliklarini davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir oy muddatda:
onkologiya va klinik immunologiyasi markazlarida davolanayotgan har bir bemorning kasallik xususiyatidan kelib chiqqan holda, ularni davolash rejasi bo‘yicha har bir markaz uchun alohida “yo‘l xarita”larini ishlab chiqish;
tuman (shahar)lar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hamda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markazlarida ommaviy skrining usulida onkogematologik, onkologik va birlamchi immunodefitsit hamda qon tizimi kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha maqsadli tekshiruvlar o‘tkazish tartibi, mezonlari va bemorlarni soha mutaxassislariga yo‘naltirish tartibini tasdiqlash topshirildi.
Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida har ikki yilda gematologiya, onkogematologiya yo‘nalishlarida tashxislash va davolash standartlari qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar respublikaga jalb qilinadi.
Leykoz, miyeloma, limfoma, aplastik va tug‘ma gemolitik anemiya kasalliklariga chalingan bemorlarda autologik o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan aseptik sharoitga ega qo‘shimcha ikkita besh qavatli binolarni markazlar hududida qurish ham nazarda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 27-may kuni O‘zbekiston Prezidentining “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun Davlat budjetidan 2022-yildan boshlab 125 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.