TOShKENT, 18 noya - Sputnik. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 68 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ydi, deb yozadi Politico nashri Yevrokomissiya hujjatiga tayanib.
Ushbu mablag‘larning katta qismi Belgiyada ekani ma’lum bo‘ldi.
“68 milliard yevroning 50 milliard yevrosi Belgiya hissasiga to‘g‘ri keladi”, — deyiladi maqolada. Ikkinchi o‘rinda 5,5 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygan Lyuksemburg turibdi.
Yevrokomissiya hisob-kitoblariga ko‘ra, jami taxminan 33,8 milliard yevrodan bular Rossiyaning milliy zaxiralari, ammo aniq miqdori noma’lum.
Ukrainada Rossiya harbiy maxsus operatsiyasi boshlanganidan so‘ng AQSh boshchiligida G‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirib, Rossiya oltin-valyuta zahiralarining qariyb yarmini – taxminan 300 milliard dollarni muzlatib qo‘ydi. TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu xatti-harakatlarni o‘g‘irlik deb atadi va Yevropa Ittifoqi 2014-yildan beri Rossiya fuqarolari va kompaniyalarining mulkini muzlatish bo‘yicha ko‘plab noqonuniy va asossiz qarorlarni qabul qilib kelayotganiga e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, YeI bloklangan Rossiya mablag‘larini musodara qilish va ularni Ukrainani moliyalashtirishga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu mutlaqo noqonuniy harakatlar bo‘lib, xalqaro huquq normalariga zid. Bunday harakatlar davlat va xususiy mulkka nisbatan tajovuzni anglatadi, bu esa dunyodagi mavjud iqtisodiy munosabatlar tizimining asoslarini buzadi.
Prezident Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va kuchsizlantirish siyosati G‘arb uchun uzoq muddatli strategiya ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilarining asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir. Shunga qaramay, davlat rahbari ta’kidlaganidek, Rossiyaning moliyaviy barqarorligiga putur yetkazishning iloji bo‘lmadi, Yevropaning o‘zi esa sanksiyalar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.