TOShKENT, 17 noya — Sputnik. O‘zbekistonda ilk marta qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali o‘zini-o‘zi energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etildi. Bu haqida Energetika vazirligi xabar berdi.
Mazkur xonadon BMTning Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida barpo etildi.
“Bugun ushbu uyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur xonadonga 15 kVt quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, xonadonni energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, xonadonda issiq suv ta’minoti uchun 200 litrli quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan.
Mazkur xonadon o‘z ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotib, qo‘shimcha daromad olish imkoniyati ham yaratilgan.