TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Rossiyaning Samara viloyatida savdo-distributorlik markazi ochilishi mumkin. Viloyat gubernatori Dmitriy Azarov Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazoqov bilan uchrashuvda shunday taklifni bildirdi.
Namangan viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, Shavkatjon Abdurazoqov boshchiligidagi delegatsiya Samara viloyatida tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Ikki mamlakat hududlari rahbarlari uchrashuvida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.
Shavkatjon Abdurazakov va Dmitriy Azarov Samara va Namangan o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi
© Namangan viloyati hokimligi
Ta’kidlanishicha, yangi imzolangan shartnoma Namangan va Samara viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov O‘zbekiston bilan Samara viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.
“Mamlakatlarimiz azaldan eng ishonchli va do‘stona sheriklar bo‘lib kelgan. Endilikda strategik hamkorlik va do‘stona munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Mana bir necha yildirki Namangan va Samara viloyatlari rahbariyati ikki tomonlama hududlararo munosabatlarni mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, bu esa yuqori dinamika va samaradorlikni ta’minlash imkonini bermoqda. Mamlakatlarimiz, hududlarimizning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish zarur”, - dedi u.
Uchrashuvda Samara va Namangan viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Abdurazoqov Samara viloyatining transport, metallurgiya, metallga ishlov berish, plastmassa buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ilgari surdi.
O‘z navbatida, Dmitriy Azarov Namangan viloyatiga Samara viloyati sanoat va agrosanoat majmualari mahsulotlarini eksport qilishni rivojlantirish istiqbollarini, Samara viloyatida Namangan viloyati savdo-distributorlik markazining ochilishi, Volga bo‘yi hududida to‘qimachilik sanoatida qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha takliflarni bildirgan.
Namangan viloyati delegatsiyasi tarkibida 70 dan ortiq turli soha vakillari bor. Xususan, biznes, ishbilarmon doiralar, ijtimoiy soha, madaniyat vakillari ham Samarada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etmoqda.