TOShKENT, 16 noya — Sputnik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) va Qozog‘iston futbol federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan Qozog‘iston futbol federatsiyasi prezidenti Adilet Barmenkulov O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan uchrashgan.
Uchrashuv davomida ikki davlatda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, o‘zaro tajriba almashish, futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari keng muhokama qilingan.
Tadbir davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Qozog‘iston futbol federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolangan.
Memorandumda ikki mamlakatlarning barcha yosh toifalardagi terma jamoalari hamda klublari ishtirokida xalqaro musobaqalar va o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tomonlar murabbiylar, hakamlar va yana qator yo‘nalishlar bo‘yicha futbol mutaxassislarini tayyorlash uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqishadi, bolalar futbolini rivojlantirishga bir-birlariga ko‘maklashishadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 16-noyabr kuni, soat 18:00 da "Paxtakor" stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.