TOShKENT, 15 noya - Sputnik. Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi armiyasida xizmat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi farmonni imzoladi. Hujjat huquqiy axborot saytida e’lon qilindi.
Endilikda xorijliklarga ham Rossiyada harbiy xizmatni o‘tash imkoniyati berildi.
“Ushbu qonun chet davlat fuqaroligi yoki yashash uchun ruxsatnomasi yoki fuqaroning chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega bo‘lgan fuqarolar va xorijiy davlat fuqarolarining tinchlik davrida Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarida harbiy xizmatni o‘tash tartibini belgilaydi”, - deyiladi hujjat matnida.
Vladimir Putin avvalroq harbiy xizmat uchun shartnoma tuzgan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beruvchi farmonni imzolagan edi. Bu huquq ularning turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlariga ham beriladi.
Davlat rahbarining boshqa farmoni bilan xorijiy fuqaroligi bo‘lmagan rossiyaliklar, shuningdek, ikkinchi fuqarolikka ega bo‘lganlar Rossiya armiyasida shartnoma asosida xizmat qilish huquqini oldi.