Ruslanbek Davletov prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlandi

Ruslanbek Davletov 2017-yildan buyon O‘zbekiston adliya vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 15 noya — Sputnik. Ruslanbek Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. O‘zbekiston prezidenti tegishli farmonga imzo chekdi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Ruslanbek Quroltayevich Davletov Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri lavozimidan ozod etildi", - deyiladi davlat rahbari matbuot kotibi bergan xabarda.
Ruslanbek Davletov 1980-yili 1-iyunda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti– oliy, huquqshunos, iqtisodchi, 1-darajali adliya maslahatchisi.
2001 yil Buyuk Britaniyaning Varvik universitetini, 2003-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini (magistratura), 2007-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini va 2010-yil O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2001-yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida yetakchi mutaxassis lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur qo‘mitada bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.
2004−2012 yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil boshqarmasi, Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2012−2014 yillarda Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha Tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, direktor vazifasini bajaruvchisi, 2014−2016 yillarda prezident devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi tuzilmalari bilan faoliyatni muvofiqlashtirish sho‘’basi mudiri, 2016-2017 yillarda adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2017-yil 4-yanvaridan prezidentning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisining 1-o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
2017 yil avgustdan buyon adliya vaziri bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
2021 yil 26-avgustda prezident farmoni bilan "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlangan.