O‘zbekistonlik sablyachi qizlar Jahon kubogida sakkizlikdan joy olishdi

Jazoirda o‘tkazilgan qilichbozlik bo‘yicha Jahon kubogining kattalar o‘rtasida navbatdagi bosqichi yakunlandi.
Sputnik
TOShKENT, 15 noya — Sputnik. O‘zbekistonlik sablyachi qizlar Jahon kubogida sakkizlikdan joy olishdi. Bu haqida Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Jazoirda qilichbozlik bo‘yicha Jahon kubogining kattalar o‘rtasida navbatdagi bosqichi yakunlandi. Unda o‘zbekistonlik sportchilar sablya va shpaga qurolida o‘tgan bahslarda ishtirok etishdi.
O‘tgan bellashuvlarda qizlar nisbatan yuqori natija ko‘rsatishdi.
“Jamoaviy dasturda dastlab Bolgariya 45:43, so‘ng AQSh termasi 45:41 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratildi. Chorak finalda koreyalik qilichbozlar 45:33 hisobida ustun kelishdi va jamoaviy musobaqani sakkizinchi pog‘onada yakunladik”, deyiladi xabarda.
Yakkalik bellashuvlarida esa Zaynab Dayibekova hamda Paola Pliyego dastlabki saralash bosqichidan o‘tib, 1/64 final bosqichida ishtiroklarini tugatishdi.
Erkaklar o‘rtasidagi shpaga bahslariga Shveysariyaning Bern shahri mezbonlik qildi. Jamoaviy dasturda birinchi bosqichdayoq Germaniya bilan duch kelgan yigitlar 23-natijani qayd etishdi. Afsuski, yakkalik bahslari ular uchun omadsiz yakunlandi.