TOShKENT, 15 noya - Sputnik. AQSh o‘z oldiga Rossiyani “zaiflashtirish, bo‘lish va oxir-oqibat yo‘q qilish” maqsadini qo‘ygan. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev ta’kidladi.
“Amerikaliklar bir oy oldin AQSh prezidenti tomonidan tasdiqlangan milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi strategiyada o‘zlarining xudbin yondashuvlari va hayotning barcha sohalari bo‘yicha o‘z qarashlarini aks ettirdi”, dedi Patrushev Branskda Markaziy federal okrugdagi xavfsizlik bo‘yicha anjumanda.
“Qo‘shma Shtatlarning uzoq muddatli siyosatini belgilab beruvchi ushbu fundamental hujjat Amerikaning istisno davlat va o‘z demokratiya modelini butun dunyoga tatbiq etish niyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Shunday qilib, Vashington boshqa davlatlar ustidan rasman ustunlikni ta’minlab, o‘zining g‘arazli maqsadlariga erishish uchun har qanday chora ko‘rishga tayyor”, dedi Xavfsizlik kengashi kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, strategiya Xitoyning Amerika uchun eng jiddiy geosiyosiy muammo ekanligini, Rossiya esa Yevropadagi mintaqaviy xavfsizlik tartibiga bevosita va doimiy tahdid ekanligini aks ettiradi.
“Mamlakatimizni beqarorlik manbai deb e’lon qilish orqali AQSh Rossiyaga qarshi ittifoq tuzadi, harbiy qudratini oshiradi, chegaralarimiz yaqinida NATO kuchlarini joylashtiradi.
Qo‘shma Shtatlarning maqsadi - mamlakatimizni zaiflashtirish, bo‘lib tashlash va oxir-oqibat vayron qilishdir. Buning uchun ular ko‘p millatli rus xalqiga nafrat sepib, Ukrainada qayta tiklangan Bandera tuzilmalari tomonidan targ‘ib qilinadigan ultra o‘ng ekstremistik va millatchilik g‘oyalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda”, dedi Patrushev.