TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainadagi mojarodan Xitoyga qarshi kurashda foydalanmoqchi. Bu haqda “Modern Diplomacy” sharhlovchisi, tarixchi Erik Zuss ta’kidladi.
Maqola muallifiga ko‘ra, Shtatlar inqirozli vaziyatni qo‘zg‘atish uchun qo‘g‘irchoq davlatlardan foydalangan - Ukraina Rossiyaga, Tayvan esa Xitoyga qarshi. Zussning fikricha, bunday tamoyilni amerikaliklar Britaniyaning Folklend orollarini o‘zlashtirish tajribasidan olgan.
“AQSh rasmiylari Ukraina mojarosida Rossiyani ortda qoldirmoqchi va bu misoldan Amerikaning vassallari - boshqa yirik dengiz davlatlari bilan ittifoqlarini mustahkamlash niyatida. AQSh Xitoyni mag‘lub etishdan avval Rossiyani mag‘lub etish niyatida va shunda ular dunyoni nazorat qiladi. AQSh imperiyasining global hukmronligi - bu yakuniy maqsad”, - deb hisoblaydi tarixchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Ukraina inqirozi doirasida Rossiya bilan bo‘lgani kabi ittifoqchi koalitsiya kuchlarini Xitoyga qarshi qo‘llashni kutmoqda. Biroq, Zussning aytishicha, bu holatda Vashington Ukraina ssenariysi bo‘yicha Tayvanga qurol yetkazib berish bilan cheklanib qolmaydi.
“AQSh nomzod mamlakatlarni o‘rganishi va ro‘yxatga olishi kerak. Mezonlarga Tayvan bilan savdo aloqalari ko‘lami, mavjud yuk tashish tonnaji va ularning Xitoyga qarshi tajovuzkor operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash ehtimoli kiradi”, - dedi u.
Rossiya 24-fevraldan buyon denatsifikatsiya va demilitarizatsiya maqsadida Ukrainada maxsus harbiy operatsiya olib bormoqda. Vladimir Putin uning asosiy vazifasi sifatida “Kiyev rejimi tomonidan sakkiz yil davomida xo‘rlashlar, genotsidlarga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Qurolli Kuchlar oldida Donbassni ozod qilish va Rossiya xavfsizligini kafolatlash turibdi.