“Chirchiq” poligonida davlat boshqaruv organlari rahbarlari ishtirokida yig‘in boshlandi

Besh kun davom etadigan tadbirda ular qo‘shinlar kundalik faoliyati bilan tanishishadi.
Sputnik
TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Mudofaa vazirligiga qarashli Chirchiq umumqo‘shin poligonida davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimati organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘in boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar qildi.
Besh kun davom etadigan tadbirda vazirlar, raislar, agentlik va inspeksiya boshliqlari, bosh direktorlar qo‘shinlar kundalik faoliyati bilan tanishishadi. Mamlakat mudofaasini tashkillashtirish doirasida yuklatilgan vazifalar bajarilishining samaradorligini oshirish uchun bevosita harbiy xizmat muhitida bo‘ladilar.
Mazkur yig‘in maqsadi davlat hokimiyati organlari rahbarlarini jangovar tayyorgarlik fanlari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish yo‘li bilan avval olingan harbiy ko‘nikmalarini qayta tiklash (shakllantirish) va takomillashtirishdan iborat.
Shuningdek, hududiy mudofaa va fuqarolarni himoya qilishni o‘rganish (o‘zlashtirish), ma’naviy-axloqiy va ma’naviy-ruhiy sifatlarini rivojlantirish, davlat harbiy qurilish ishlarida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish, daxldorlik hislarini oshirish maqsad qilingan.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham ishtirok etib, yig‘ish ishtirokchilarini qutladi. Mashg‘ulotlar mamlakat armiyasining qudrati bilan yaqindan tanishish uchun ajoyib imkoniyat ekanligini ta’kidlab, barchaga omad tiladi.
Yig‘inning birinchi kunida belgilangan yig‘in punktiga yetib kelgan vazirlik va idoralar rahbarlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ularga kiyim-kechak va anjom-aslahalar topshirildi. Ular harbiy-hisob mutaxassisligi bo‘yicha guruhlarga taqsimlandi.
Davlat boshqaruv organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-ma’muriy sektorlarning faoliyati va roli bilan tanishadi.
Shuningdek, yig‘in ishtirokchilari aloqa, taktik-tibbiy, harbiy sport hamda otish tayyorgarliklaridan o‘tib, o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaydi.
Operativ, safarbarlik, axloqiy-ruhiy, taktik tayyorgarliklardan o‘tish orqali zamonaviy armiyada olib borilayotgan islohotlardan atroflicha boxabar bo‘lib boradi.
1 / 7
2 / 7
3 / 7
4 / 7
5 / 7
6 / 7
7 / 7