Toshkentda YuNESKOning xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda

Forum “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusida II Butunjahon konferensiyasi oldidan o‘tkazilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Toshkent YuNESKOning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusidagi II Butunjahon konferensiyasi (World Conference on Early Childhood Care and Education”) oldidan xalqaro forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Unda jahonning 200 ga yaqin mamlakatidan mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etishmoqda. Forumda mavzuga doir dolzarb ma’ruzalar qilinmoqda.
“Ta’lim insonning asosiy huquqi bo‘lib, boshqa huquqlarning o‘zlashtirilishi uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi. OMEP tashkiloti YuNESKO bilan hamkorlikda butunjahondagi har bir bolani ta’lim olishini ta’minlaydi”, - dedi Butunjahon maktabgacha ta’lim tashkiloti (OMEP) prezidenti Mersedes Lassal xonim.
3 yoshgacha bo‘lgan bolada miyaning 80 foizi rivojlanadi, unda ilk xotira, fikrlash qobiliyati va dunyoqarash rivojlana boshlaydi.
“Hozirda maktabgacha ta’lim tizimida nodavlat tashkilotlarning o‘rni katta. Davlat tomonidan ushbu tashkilotlarga ko‘plab imtiyozlar ajratilmoqda. O‘ylaymanki, maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi taraqqiyotimizga xizmat qiladi”, - dedi “Lider” maktabi asoschisi Feruza Vahobova.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk bor 14-16 noyabr kunlari YuNESKOning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusida II Butunjahon konferensiyasi o‘tkaziladi.